Respublika hududlarida davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzish holatlari yuzaga kelmoqda.
Misol uchun, 2022-yilda 595 ta (38,2 ming kv.m.) va 2023-yilda 581 ta (129,8 ming kv.m.) holatda davlat mulkini ijaraga berish tartibi buzilganligi uchun balansda saqlovchilardan ijara toʻlovi davlat mulkidan foydalanilgan davrda uning ikki baravari miqdorida (1,8 mlrd soʻm) undirilgan.
Shunga koʻra, davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzish holatlarining oldini olish va bu borada javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 19-iyun kuni imzolangan Qonun (OʻRQ-933-son) bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar kiritildi.
Endilikda, davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasini tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga olingan davlat mulkini qabul qilib olishda, ijara munosabatlarining obyekti hududiga kirishda va undan foydalanishda ijaraga oluvchiga asossiz ravishda toʻsqinlik qilish yoki ijaraga berilayotgan davlat mulkining parametrlari va sonini ijara shartnomasida notoʻgʻri koʻrsatgan holda davlat mulkini ijaraga berish:
- mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 700 ming soʻmdan 3 mln 400 ming soʻmgacha) miqdorda;
- xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda, mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 400 ming soʻmdan 5 mln 100 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi davlat mulkini ijaraga berishda yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilishi holatlarining oldini olish va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligini taʼminlash imkonini beradi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.